Universitet haqida

Bir paytlar uchta xonadan kichik bir o‘quv markazi sifatida tashkil qilingan Profi Education hozirga kelib xususiy bog‘cha, maktablar, o‘quv markazlari tarmog‘iga aylandi. Endigi navbat albatta oliygoh edi va biz bu marraga ham yetib keldik.

Profi University mamlakatimizda pedagog kadrlar va taʼlim boshqaruvi yo‘nalishida o‘z faoliyatini boshlagan ilk xususiy oliygoh hisoblanadi. Hozirga kelib Profi Education yana-da rivojlanish, yana-da yangi maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablar ochish imkoniyatiga ega, lekin har safar yangi taʼlim dargohi ochganimizda biz kadrlar yetishmovchiligiga duch kelamiz.

Yaxshi, tajribali o‘qituvchilar juda kam, borlari ham o‘z ishiga ega, ularni ishlab turgan joyidan bo‘shatib kelish uchun esa ularga kattaroq maosh, qulayroq sharoitlar va imkoniyatlar yaratib berishimiz kerak bo‘ladi. Bu albatta o‘qituvchi uchun yaxshi, lekin xususiy taʼlimning narxini oshirib yubormoqda. Natijada farzandini xususiy maktabda o‘qitish istagidagi ota-onalarning ko‘pchiligi xususiy taʼlim xizmatlaridan foydalana olishmayapti.

Shu maqsadda endi biz o‘zimizning aynan pedagog kadrlarni tayyorlaydigan oliygohimizni tashkil qilishga qaror qildik. Profi University 2021-2022 o‘quv yillari uchun qo‘yidagi yo‘nalishlarda qabulni ochiq deb eʼlon qiladi:

Taʼlim menejmenti - bu yo‘nalishda talabalar taʼlim dargohlarini boshqarish, jamoani shakllantirish, ularni tizimli boshqarish, mehnat qonunchiligi va boshqa xuquqiy normalardan foydalanish, taʼlim tizimini avtomatlashtirish kabi boshqaruv uchun kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi.

Pedagogika-psixologiya - har bir taʼlim dargohida pedagog-psixolog asosiy rollardan birini o‘ynaydi, chunki aynan u bolaning psixologik holati, o‘zgarishlari, kamchiliklarini aniqlaydi, ularni to‘g‘ri yo‘naltiradi, ota-onalar va bola o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilanishiga olib keladi. Bu yo‘nalish aynan shu ko‘nikma va bilimlarni talabalarda shakllantiradi.

Maktabgacha taʼlim - so‘nggi yillarda xususiy maktabgacha taʼlim dargohlarining soni yil sayin ortib bormoqda, bu esa bu sohadagi yetarlicha kadrlar yetishmovchiligi muammosini keltirib chiqarmoqda, oliygohning bu yo‘nalishi aynan shu yo‘nalishda tajribali kadrlarni yetishtirib chiqarishga qaratilgan.

Boshlang‘ich taʼlim - har qanday maktabning asosiy bug‘ini boshlang‘ich taʼlim hisoblanadi, aynan mana shu bug‘inda asosiy fundamental bilimlar egallanadi va keyingi bosqichlarda ular mustahkamlanib boradi. Bu yo‘nalishda taʼlimdagi asosiy innovatsiyalar vujudga keladi, biz boshlang‘ich taʼlim fakultetida yetuk, innovatsiyalar bilan hamohang o‘qituvchilar armiyasini shakllantirishni maqsad qilganmiz.

Rus tili o‘qitish metodikasi - mamlakatimizda rus tilini o‘rganishga talab yil sayin ortib bormoqda, ayniqsa o‘zbek tilida so‘zlashuvchi o‘quvchilarga rus tilini mukammal o‘rgatadigan kadrlarga mehnat bozorida tobora talab ortib bormoqda. Rus tili fakultetida talabalar aynan rus tilini oson va qulay o‘rgatish metodikasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi, bozor talablaridan kelib chiqib o‘qitish metodikalarini yaratish bo‘yicha izlanishlar olib borishadi.

Ingliz tili o‘qitish metodikasi - shubhasiz ingliz tili dunyo tili, barcha maʼlumotlarning asosiy qismi ingliz tilida, borgan sari bu tilni o‘rganish istagidagi odamlar soni ortib bormoqda, yildan yilga yangi metodikalar ishlab chiqilmoqda. Bu fakultetning dasturi to‘liq British Council ko‘magida tayyorlangan. Unda o‘qituvchilar zamonaviy o‘qitish metodikasidan foydalanish usullarini o‘rganishadi.