Bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va ta’limiy hamkorlikni rivojlantirishda xalqaro ko‘rgazmalar muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining Osh shahridagi Bosh Konsulxonasi tashabbusi bilan Qirg‘iziston Respublikasining Osh shahrida “Network Ekspo Uzbekistan Osh-2025” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur ko‘rgazma ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yangi biznes va ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish, hududlararo investitsiya imkoniyatlarini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida oliy ta’lim muassasalari o‘z dastur va loyihalarini taqdim etish, hamkorlar topish hamda kelajakdagi qo‘shma ilmiy va loyihaviy tashabbuslarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
Profi University ham mazkur nufuzli ko‘rgazmada faol ishtirok etmoqda.
Universitetdan vakil sifatida Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Zabardast Narzikulov hamda Pedagogik masalalar bo‘yicha rektor maslahatchisi Ulug‘bek Po‘latov ishtirok etib, ta’lim sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, professor-o’qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlari hamda qo‘shma ilmiy loyihalar bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Ko‘rgazma nafaqat savdo va investitsiya sohasida, balki ta’lim, madaniyat va ilm-fan yo‘nalishlarida ham muloqot maydoniga aylanib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.